BEVAFOGA KO'NGIL BERIBMAN...
Biz Anvar akam bilan sevgi izhor qilmasdan turib,
turmush qurishga ahd qildik. Chunki dillarimizda bekingan muhabbat o'z
kuchini ko'rsatgan edi. Maktabga alohida borolmasdik, bir-birimizni bir
pas ko'rmasak turolmasdik, kech mahalgacha birga dars qilardik,
faqatgina uxlagani ajralardik, xolos. Toshkent davlat pedagogika
universitetida ham birga o'qidik. Tugatgach, qishlog'imizdagi o'zimiz
o'qigan maktabda yoshlarga ta'lim bera boshladik.
Ishdan qaytishimizda Anvar akam bugun uylaringga
sovchilar boradi, ovora qilmagina, deb hazillashardi. Afsuski, sovchilar
kelishmasdi. Men bundan xafa bo'lmasdim. Chunki dastlab ota-onasi rozi
emasdi. Xolasining qizini kelin qilamiz, deyishardi. Lekin biz o'z
so'zimizda turib oldik. Ana shu paytlarda men Anvar akamga "Vaqt hakam,
qarab turishsin, ota-onangizga shunday xizmat qilayki, kun kelib bir kun
bizga qarshilik qilganlariga uyalishsin. Qo'ni-qo'shnilar havas qilsa
arzigulik kelin bo'laman. Yuzingizni yorug' qilaman", derdim.
Aytganlarimning ustidan chiqdim, hammasini uddaladim. Qaynona-qaynotam
hamon duo qilishadi. Kelinlik vazifamni bajardim, Anvar akamdan ajrab
qolmaslik uchun ikki hissa harakat qildim. Issiqni-issiq, sovuqni-sovuq
demay, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib yashadim. Anvar akam barcha
qiyinchiliklarga tayyor turdi. Birgalikda engamiz, deb so'z berdi.
Ota-onamning hurmatini joyiga qo'ydi. Ilk kelinlik davrimda har kuni
oiladagi ikkalamizga bo'layotgan munosabatlarni diqqat bilan kuzatib, u
yaxshi tomonga siljiyotganidan sevinardik. Qaynona-qaynotamning ozgina
mehridan ham boshim osmonga etardi, o'zimni qo'yarga joy topolmay,
tinimsiz ro'zg'or ishlari bilan kuymalanardim. Nihoyat, har ikkala
oiladagilar bizni tushunib etishdi. Ikki o'g'illi bo'ldik. Birinchi
farzandim tug'ilganda tug'ruq birmuncha og'ir kechdi. Shu-shu onda-sonda
belim og'riydigan bo'ldi. Yoshi ulug' ayollar bu holni homiladorlikka
yo'yib, ona bo'lish osonmas, keyinchalik og'riqlar qolib ketadi, deb
ko'nglimni xotirjam qilishdi. Men nodon ularning gapini do'xtirning
tashxisiday tushunib, onalik baxti shu bo'lsa kerak-da, deya beparvo
yuraveribman. Natijada kasallik kuchayib ketibdi. To'ng'ich o'g'lim
Akobir bir yoshga to'lganda qattiq og'riq tutdi. Ko'zimga jonimdan
boshqa narsa ko'rinmay qoldi. Davolanay desam, uydagilarga malol
kelganday bo'ldi.
Turmush o'rtog'im bir dori olib kelib, o'zi massaj qila
boshladi. Bir-ikki kundan keyin yaxshi bo'lganday bo'ldi. O'zimga
Allohdan kuch-quvvat so'rab, joyimdan turib ketdim. O'zboshimcha
"tabiblar" tavsiyasi bilan shifobaxsh giyoh — zirk damlamasini icha
boshladim. Ancha durust bo'lib qoldim. Shu-shu og'riq tutsa zirk ichib
yurdim. Hash-pash deguncha yana og'iroyoq bo'ldim. To'qqiz oy
bolajonimni zo'rg'a ko'tarib yurdim. Chunki og'riq qayta xuruj qila
boshlagan edi. Onalarimiz ikkiqat ayolning hamma joyida og'riq
bo'ladi-da, deb buni homiladorligimga yo'yishdi. Kasallik tobora
kuchayib borayotganini sezardim, lekin chidardim, unga qo'shimcha
oyog'imda shish paydo bo'ldi. Nihoyat farzandimiz dunyoga keldi.
Belimdagi og'riqqa oyog'imdagi og'riq ham qo'shildi.
Shifokorlar asab tomirlarda shamollash kuchli, deb
tashxis qo'yishdi. Nevrologiya bo'limida bir oy davolandim. Ilohim,
shifokorlarning umri uzoq bo'lsin. Ancha o'zimga kelib, kasalxonani tark
etdim. Ammo ozgina shamol tursa, yoki sovuq bo'lsa, tobim qochardi.
Qalinroq kiyinishga tushardim. Yotib qolishdan qo'rqardim. Imkon qadar
qaynota-qaynonamning duolarini olishga harakat qilardim. Ular ham menga
mehribonlik ko'rsatishardi. Ko'nglimni ovlash uchun bo'lsa kerak,
bolalarimizning qo'lini halollash haqida gap ochib qolishdi.
Farzandlarimizga ota-onalarimiz ko'magida sunnat to'y qildik.
Hozir ularning kattasi to'rtinchi, kichigi birinchi
sinfda o'qishmoqda.
Shu kunlarda talabalik davrimizda bog'da sayr qilib
yurganlarimizni bir-bir ko'z oldimdan o'tkazayapman... Yotoqxonada
turardik. Anvar aka bir-bir kiyimlarini yuvdirishga olib chiqardi.
Xonadoshlarim menga hazil aralash, pochchamizning ust-boshini tozalab
yuvgin-a, ko'chada yurganlaringda xunuk ko'rinib qolmasin tag'in,
deyishardi. Men esa ularga qarata, qo'ysanglar-chi, axir, qo'shnimiz,
eshitsa xafa bo'ladi, deb o'zimni "oqlash"ga harakat qilardim.
Aslida-chi, u kishining kiyimlarini mehr bilan yuvardim, hattoki rohat
qilardim. Sevgimiz mahsuli bo'lgan farzandlarimiz haqqi-hurmati
ota-onasi, oila a'zolari, qarindosh-urug'lari oldida mulzam, gapini ikki
qilmadim. Men uchun Anvar akamning gaplari qonun bo'ldi... Yaxshi
bo'lib ketasan, degan gaplariga ishondim. Jonimning omonatligiga e'tibor
bermadim. Yotib qolgan damimda ham yonimda men uchun jonini beradigan
odamim bor, deya ishondim. U kishining kulib turishlaridan quvondim,
aytgan gaplari hamon quloqlarim tagida jaranglaydi: "Matluba, ozgina
og'riqlar oldida taslim bo'lma, jonim, men yoningdaman.
O'g'illarimizning barcha yaxshi kunlarida bosh-qosh bo'lishimiz, ularga
hayotda qoqilmaslik yo'llarini ko'rsatishimiz kerak, faqat ikkalamiz
birgalikda bir tan, bir jon bo'lib. Ular ham bizga o'xshab, o'z
sevganlari bilan baxtli bo'lishlarini ko'rib, quvonishimiz kerak. Sen
judayam yaxshi ayolsan, sensiz menga hayot yo'q, shuni bilasanmi?"
Bu gaplardan keyin qaysi ayol to'shakda yotadi? Amallab
bo'lsa-da, joyimdan turib ketardim. Ovqat pishirmoqchi bo'lsam, yonimda
yordamchi, xamir qorimoqchi bo'lsam, o'zlari shart qo'llarini sovunlab
yuvib kelardi-da, onam ko'rmasin, deya tez-tez mushtlab berardi-da:
"Bo'ldi, zuvala qilib o'tirma, ustini qalinroq qilib yopib tashla,
Matlub", derdi.
Bunday mehribonchiliklar oxirida meni qora kunlar
kutayotganini qayoqdan bilibman. "Qizg'aldoq" badiiy filmini ko'rib,
yig'lay-yig'lay ichim kuyib ketdi. Mening erim ham Otabekdan kam emasdi.
Oilaga mehribon, muhabbatda tengi yo'q. Afsuski, bugun
ota-onamnikidaman. Bugun na o'zi, na bolalarim yonimda... Telefonda
bo'lsa-da, hol so'rab qo'ymaydi. Men sevgan, men bilgan Anvar akam
qachon o'zgarishga ulgurdi? Nima uchun u o'ziga o'xshamayapti? U kishini
mendan yuz o'girishga nima majbur qildi?
Kecha o'g'illarim bir pasga kelib ketdi.
Kelib-ketishmadi, yurak-bag'rimni qon qilib ketishdi. Ular dadasining
uylanayotgani haqida gapirishdi. Endi yashashga haqqim qolmaganini,
umidlarim puch ekanligini bildim...Qolinglar, desam dadam urishadi, bir
soatga ruxsat bergan, deb tezda qaytib ketishdi.
Ayting, murg'akkina Akobirim va Komronjonimning holi ne
kechadi? Bu begunohlar o'gay ona qo'lida qanday kun ko'rib, kim bo'lib
etishar ekan?... Oyoqlarim harakatdan to'xtagani etmaganday, chap qo'lim
ham ishlamayapti...Bu qanday ko'rgulik, bu qanday xo'rlikki, bir umr
birga bo'lishga ahdlashgan insonimning yuzaki muhabbati qurboni bo'lsam?
Mana sakkiz oy bo'ldi Anvar akam diydoriga zor qilib
ketganiga. O'shanda o'zimni majburlab bo'lsa-da, zo'rg'a eshikkacha
kuzatgani chiqqandim. Butun hovlida lolaqizg'aldoq ochilib yotardi.
Hovlining to'rida, qip-qizil qizg'aldoqzor ustida Nigorani bag'riga
bosib dod solayotgan Otabek ko'z oldimdan ketmayapti... Nima qilay? Hech
bo'lmasa, oxirgi damlarda bolalarim yonimda bo'lsaydi!... Qaysi aybim
uchun pokiza orzularim, umidlarim, mehr-muhabbatim toptalganini
tushunolmayapman. Vaqtida o'z sog'ligimga nisbatan bee'tibor
bo'lganimning jazosimi bu?
Matlubaning dil dardlarini oqqa ko'chiruvchi Gulsara
|