RASHK QURBONI
Dunyoda hech kim farzand dog'ida kuymasin.
Soppa-sog', hali yigirma beshga ham qadam qo'ymagan qiz Raxshonaning
o'limidan keyin otasi Baxtiyor aka ancha cho'kib qoldi. Gap-so'zlari,
yurish-turishi o'zgardi. Onasini-ku aytmasa ham bo'ladi.
Raxshona oilada ikkinchi farzand edi. Aqlli, harakatchan
qiz maktabni ham a'lo baholarga bitirib, tanlagan kasbi – hamshiralikni
ham egalladi. "Qiz bola-palahmon toshi", deyishadi. Bo'yi etdimi, tengi
chiqsa, darrov uzatib yuborishadi. Rahshona ham o'zi sevgan yigitga
turmushga chiqdi. Ammo u Zulnur bilan bor-yo'g'i etti oy hayot kechirdi.
Kutilmaganda... o'z joniga qasd qildi. Ochig'i, yosh kelinchakning
bunday yo'l tutishi ko'pchilikni ajablantirdi.
Ikkinchi tomondan el og'ziga elak tutib bo'lmaydi,
degandek, Raxshonaning o'limidan so'ng turli xil gap-so'zlar tarqaldi.
Go'yo Raxshona o'limidan biroz oldin qattiq kaltaklangan va bunday
haqoratlarga chiday olmay o'zi joniga qasd qilgan.
– Shu gaplar rostmi? – deya so'radi Baxtiyor aka bir
kuni xotinidan. Agar rost bo'lsa, kuyovingni tinch qo'ymayman. Senga
aytayapman, nahotki, kuyoving uni urgan bo'lsa?!
– Rost, dadasi, rost – deya boshini irg'adi ko'z
yoshlarini ro'molining uchi bilan artarkan Xurshida opa. – Sizga aytmay
yuruvdim buni. Marhumani yuvgan Inobat xolaning aytishicha, Raxshonaning
elka, oyoq va quloqlarining ostida ko'kargan izlari bor ekan. Shu
paytgacha qizingiz or bilib, quyovidan ko'rgan azoblarini aytmay
kelarkan. Eshitishimcha, ichib kelib, do'pposlagan kunlari ko'p bo'lgan.
Baxtiyor aka o'zini tutib turolmadi. U guldek qizining
umri bevaqt xazon bo'lgani haqida o'ylarkan, ko'z oldi qorong'i tortib
ketardi. Shundan so'ng u tegishli idoralarga murojaat qildi.
Haqiqatan ham, Raxshonaning o'z joniga qasd qilishiga
eri Zulnur sababchi bo'lgandi. Ushbu holat yuzasidan o'tkazilgan
sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko'ra, R.Qurbonovaning tana
a'zolarida jarohatlar mavjud bo'lib, ularning og'irlik darajasiga ko'ra
"sog'liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan engil tan jarohati"
toifasiga kirishligi aniqlangan.
Sudlanuvchining jinoiy harakatlari tergov va sud
jarayonida guvohlarning ko'rsatmalari, shuningdek, sud-tibbiy
ekspertizasining yuqoridagi xulosalari bilan o'z tasdig'ini topdi. U
jabrlanuvchining sog'lig'ini qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan.
Qasddan badanga engil shikast etkazish hamda moddiy tomondan yoki boshqa
jihatlardan aybdorga qaram bo'lgan shaxsni o'zini-o'zi o'ldirish
darajasiga etkazishda ifodalangan jinoyatini sodir etgan.
Z.Qurbonov O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, jazoga tortildi.
Oila – muqaddas dargoh. Ayniqsa, mustaqil hayot
ostonasiga ilk qadam qo'ygan yosh oilalarni asrab-avaylash, ularga har
tomonlama ko'mak berish ezgu va savob amallardan biridir.
Albatta, oilaning tinch-totuv va ahilligi er va
xotinning bir-birini to'g'ri tushunishi, mehr-oqibat, o'zaro inoqlik
kabi fazilatlariga bog'liq. Agar ikki o'rtada ishonch mo'rt bo'lsa, er
yoki xotin asossiz shubha-gumonlarga berilsa, tabiiyki, kutilmagan
fojialar kelib chiqadi. Shunday fojialar kelib chiqishidan asrasin.
Abdurahmon TOHIROV,
Jinoyat ishlari bo'yicha Chirchiq shahar sudi sudyasi.
|