Asl ismim Sanjar Rahimov.
Men 1981 yil 3 sentyabr kuni soat 5:00da Toshkent shahrida joylashgan
tug'uruqxonalarning birida tavallud topdim. Ko'pchilikka qiziq bo'lishi
tabiiy: Sador Rahimxonning asl kelib chiqishi qayerlik? Men, qolaversa
ota-onam ham asli Toshkentlikmiz.
Yunus-obod tumanida joylashgan 150 o'rta maktabni 1998 yil tamomladim.
Maktab yillarim juda qiziq hamda esda qolarli voqealarga boy bo'lib
o'tdi. Bir voqea yodimga tushdi, maktabga borgim kelmagan paytlarda
ertalab maktabga ketdim, deb uyimizdagi katta shkafni ichiga berkinib
olardimda, hamma ishga ketgandan so'ng chiqib, to'plagan pullarimga
do'kondan borib har xil shirinliklar va yaxna ichimliklar sotib olib,
bayram qilar edim. Ochig'ini aytsam, qo'shnilar mendan bezor edi. Maktab
chog'lari yon qo'shnimizni bog'ini yoqib yuborgan, yoki yerto'lamizni
suv bilan to'ldirib qo'ygan, gilamni ustiga dazmolni qo'yib, uni teshib
qo'ygan paytlarim ham bo'lgan. Biroq, maktabda baholarim a'lo edi.
Albatta ilk muhabbat ham o'sha davrga to'g'ri keladi. Dastlab,
matematika darsida doskaga chiqib, masalani javobini bila olmay
turganimda Gulnora ismli sinfdoshim qo'rqmay javobni qog'ozga yozib
menga olib chiqib berganda, unga ko'ngil qo'ygandim. Keyinroq, Feruza
ismli sinfdoshimni yaxshi ko'rganman. Bilsamki, Feruzani mendan tashqari
sinfimizning naqd yarimi yaxshi ko'rar ekan. Yana bir esda qolarli
voqea so'nggi qo'ng'iroq kuni sinfdosh qizlardan ikkisi menga sevgi
izhor qilgan edi. Maktabda eng yaqin o'rtog'im Dilshod edi. Afsuski, 9
sinfdan so'ng, u boshqa maktabga o'tib ketgan. Maktabni bitirgunimga
qadar uni o'rnini Aziz egalladi. Sinfdoshlardan Abror, Rahimjon,
Abduvali, Malika, Dilnozalarni ko'p eslayman. Yigitlar bilan aloqa
saqlanib qolgan. Choyxona deganlaridek... Ustozlarimdan Jamila opa,
To'lqin aka hamda Mavluda opalarga alohida minnatdorchilik bildiraman.
Xullas, maktab davrimni ko'p yodga olaman. 1998 yil maktabni bitirib ,
Toshkent Davlat Texnika Universitetining "Elektronika avtomatika va
hisoblash texnikasi" fakultetiga shartnoma asosida o'qishga kirdim.
Talabalik davrim men uchun juda sermazmun o'tdi. Chunki o'sha davrda,
men "Hamroh" avtoradiosiga tanlovdan muvaffaqiyatli o'tib, ishga qabul
qilingan edim. Tanlovda 850 ishtirokchi qatnashgan bo'lsa, ulardan
10tasi efir boshlovchisi lavozimiga qabul qilingan edi. Afsuski,
"Hamroh"da bir marotaba efirga chiqib, boshqa radioga, ya'ni "Sezam"ga
o'tib ketishga majbur bo'lganman. O'zbekchilik, tanish-bilishchilik
degandek. "Sezam" radiosiga ishga kirishimda ustozim Nurmuhammad
Isroilov hamda Qizlarxon Xo'jaevalarning xizmati katta bo'lgan. FM 105,4
to'lqinida Sardorbek Rahimov ovozi jaranglay boshladi. "Alibobo va 40ta
tabriklar", "Yangi tong", "Sog'inib keldim", "Yaxshi niyat" kabi bir
necha o'nlab eshittirishlarni efirga olib chiqdim. Darvoqe, shu orada
"TV-Tarona" nomli yangi telekanal ochilishi haqida ma'lumot olgach, u
yerdagi kastingda ham qatnashdim va muvaffaqiyatli o'tdim. Nimadir
bo'ldi-yu, yana o'sha tanish-bilishchilik sabab radio bilan cheklanib
qoldim. "Sezam" orqali Mansur aka, Mirsaid, Jahongir.uz kabi ijodkor
do'stlarimni uchratdim. 2002 yil Jahongir.uz bilan sinov tariqasida
mening ilk xonandalik ishim bo'lmish "Favvora" taronasini yaratib, aynan
"Sezam" radiosi to'lqinlari orqali efirga uzatdik. Undan so'ng
"Baxtliman", "Hayolimda", "Kechmish", "Adoman" kabi qo'shiqlar
yaratildi. Albatta har birida o'ziga hos kamchiliklar bor edi. Bularni
men o'zim sezardim. Keyingi qo'shiqlarimda bu kamchiliklarni
qaytarmaslikka harakat qilganman. Radio orqali men ko'pgina san'atkorlar
bilan tanishdim, maslahat oldim, shogird bo'ldim. Bularni natijasi
o'laroq "Ishonmasman" taronasi yaratildi. Bu 2005 yil edi. Bu haqda
keyinroq. Radioga ham, xonandalikka ham oilam dastlab qarshi bo'lishgan.
Chunki, bizni oilamizda ham, avlodimizda ham san'atkorlar bo'lmagan.
Qolaversa, san'at olami nechog'li mashaqqatli ekanini bila turib,
ota-onam meni asrash maqsadida ham shu yo'ldan borishgan. Ilk
muvaffaqiyatlarni ko'rgandan so'ng ota-onam meni orzu-istaklarim bilan
ko'nikishdi. Ular asli meni diplomat yoki olim yoki yana organ xodimi
bo'lishimni juda xohlashgan edi. Men esa hamisha erkin qushman! "Sezam"
radiosida ikki yil ijod qilgandan so'ng o'z xohishim bilan yangi
ochilgan FM 88,4 "Navro'z" radiosiga ishga o'tdim. Bu borada qo'shiqchi,
shoira Shahnoz katta yordam bergan. Esimda "Navro'z"da ilk yangragan
ovoz meni ovozim edi. "Navro'z" men uchun katta sinov va maktab
vazifasini o'tadi. Bu yerda men ham radio, ham san'at olami
professionallari bilan yuzma-yuz keldim. Radio bosh muxarriri Abror aka
Imomxo'jaev va hamkasb do'stlarimning ko'pchiligidan ko'p narsa
o'rgandim. Bu go'sha meni ikkinchi uyim bo'lib qolgan edi. Gohida ko'z
yosh bilan u paytlarni eslayman. Hatto, eng yaqin do'stim Ulug'bek
Rahmatullaevni ham o'sha paytda uchratganman. 2002 yil
Alpomish saroyida bo'lib o'tgan "Dilfuz-shou" konsert dasturida Ulug'bek
"Yorim" qo'shig'i bilan, men esa "Adoman" qo'shig'im bilan qatnashgan
edik. O'shanda Ulug'bek bilan tanishdik. Ulug'bek haqida
keyinroq to'xtalib o'taman. "Navro'z"da faoliyat yuritayotgan kezlarim
meni "Yoshlar" telekanaliga ertalabki dasturni olib borishga taklif
qilishdi. Rozi bo'ldim. Bir-ikki efirga chiqdim. Keyin o'zimga yoqmay,
bu ishimni to'xtatib turdim. Ko'p o'tmay "O'zbekiston" telekanalidagi
"Intelektual ring" ko'rsatuviga ishga taklif qilishdi. Ko'rsatuv o'zimga
yoqqani uchun rozi bo'ldim. Bir yildan oshiq, ushbu ko'rsatuvda
teleboshlovchilik qildim. Bu ham men uchun kamera oldidagi maktab
vazifasini o'tadi. "Navro'z"da esa ijod televidenie bilan hamohang
tarzda jo'shqin davom etardi. "Navro'z" radiosida "Sevishganlar",
"Muborak bo'lsin", "Ikki dil bayoni", "Sirdosh", "Do'st", "Sokin
qirg'oqlar" kabi bir necha o'nlab mualliflik dasturlarini efirga olib
chiqdim. Darvoqe, o'sha paytda "Navro'z" radiosi bilan birgalikda
"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati "Oltin ovoz" nomli yulduzlar
fabrikasi tanlovini e'lon qilishdi. Men ham qatnashib, u yerga qabul
qilindim. Fahrli birinchi o'rinni egalladim. Ko'p narsani o'rgandim deya
olmaymanu, lekin shu tanlov sabab ustozim Iqbol aka Muhammadjonovni
uchratdim. Albatta bu insonni meni ijodimdagi hissalari nechog'li katta
ekanligi sizga ma'lum. "Navro'z" radiosidagi faoliyatim ikki yildan
so'ng o'zining nihoyasiga yetdi. Ochig'i, "Navro'z"dan ketishim juda
og'ir kechdi. Ko'nikishim qiyin bo'ldi. Chunki, mikrofonga, u yerdagi
hamkasblarim, muxlislarimga juda o'rganib qolgandim. Xullas,
"Oriat-dono" radiosiga ishga o'tdim. Uch oy bu radioni noni yegandan
so'ng, radioboshlovchilik hamda teleboshlovchilik faoliyatimga yakun
yasashga qaror qildim. 2005 yil oxirida "Ishonmasman" taronasi orqali xonandalik faoliyatimni jiddiy boshladim.
Boshida juda qiyin bo'ldi, moliyaviy masalalar deysizmi,
tanish-bilish... menda har ikkisi ham yo'q edi. Faqat o'zimga va
yaqinlarimga ishonishim mumkin edi. Bu davrda do'stim Ulug'bek menga
mustahkam suyanchiq bo'ldi. Allohga shukurki, yuzim yorug' bo'lib,
"Ishonmasman" qo'shig'i ishonmagan ishonchimni oqladi. Shu qo'shiq
tufayli 2006 yil "Tarona taqdimoti" marosimida "Musiqada yil yangiligi"
yo'nalishi bo'yicha taqdirlandim. Bu paytdagi hursandchiligim va
hayajonim cheksiz edi. Ketidan "Sen meni sevasanmi", ya'ni "SMS"
kinofilmida bosh rolni ijro etdim. Bir necha o'nlab yangi qo'shiqlar
yaratdim va 2006 yil avgust oyida O'zbekiston Respublikasi
prezidentining "Nihol" mukofotiga loyiq deb topildim. Mukofotlar men
uchun ilhom manbayi vazifasini o'tadi. Qolaversa, ota-onam meni
muvaffaqiyatlarimni ko'rib, menga ko'proq ishona boshladilar. Tabiiyki,
hammasi bir tekisda, yaxshi emasdi. Ya'ni, nohaq tuhmatlar
ko'rolmasliklar, ig'vo gaplar, oyoqqa bolta urishlar... bularning
hammasi bor edi. Faqat men ularni gapirgim kelmaydi. Xudo hammaga insof
bersin! 2006 yil so'ngida men o'zim umuman kutmagan holatda
"M&TV Music Awards" taqdimot marosimida "Yilning eng yaxshi erkak
xonandasi" yo'nalishi bo'yicha taqdirlandim. Nazarimda, bunga
"Arazingiz" taronasi sabab bo'lgan. Imkoniyatdan foydalanib,
men hayotimda, ijodimda ahamiyatga ega bo'lgan insonlarni eslab
o'tmoqchiman. Bular: Nasiba Abdullaeva, O'lmas Olloberganov, Ozodbek
Nazarbekov, G'iyos Boytoev, Ravshan Komilov, Yulduz Usmonova, Mirzabek
Holmedov, Saidazim Murodxonov, Jahongir.uz, Jasur Badalboev, Farhod
Saidov, Toir Asqar va yana ko'pgina menga mehnati hamda mehri ketgan
insonlar. Kimni yoddan chiqargan bo'lsam, hafa bo'lmasliklarini iltimos
qilaman. Hayotda o'zimni tutib olishimda Oybek aka Alievni hissasi katta.
Ular menga o'zimni topishimda va kelayotgan sinovlardan qo'rqmasligimda
katta o'rin tutdilar. Ularni juda hurmat qilaman va qadrlayman.
Qolaversa, "Zamin FM" radiosi, "Terra Group" kompaniyasi menga mustahkam
suyanchiq, o'z o'rnida hamma radiostantsiyalar, telekanallar,
gazeta-jurnallar, internet saytlari qo'ldan kelgancha dalda bo'lib
turishadi. Endi ustozimga ozgina to'xtalmoqchiman, ko'p jabhalarda
men ustozimga o'xshagim keladi. Ularga havas qilaman. Ham odamiylik, ham
iste'dod, ham iymon tomonlama ular menga hamisha o'rnaklar. Men ularga,
o'zimga nimaiki yaxshilik tilasam shuni tilayman. U inson Iqbol aka
Muhammadjonov. Do'stim: Ulug'bek Rahmatullaev - u meni eng yaqinim, sirdoshim, suyanchig'im.
Bizni oramizda raqobat yoki ko'rolmaslik yo'q. Allohga shukurki, shu
kunga qadar odamlarni noo'rin tuhmatlarini yolg'on ekanligini isbotlab
kelyapmiz. Men u bilan fahrlanaman. U bir so'z bilan aytganda haqiqiy
do'st. Uni o'rnini hech kim bosolmaydi. Bulardan tashqari sizga
notanish, lekin men uchun ahamiyatli juda ko'p qadrdonlarim bor. Ular
sabab men qiyinchilikdan oson, zahmatlardan omon chiqaman. Hammalarini
yaxshi ko'raman. Endi oilamga to'xtalsam , oilam mening muqaddas dargohim. Bu haqda ko'p ham gapirgim kelmaydi. Chunki bu mening shaxsiy hayotim. Otam - Mirahmad aka Rahimov, juda mehribon va sahiy inson. Bu qadar bag'ri kenglik va sahiylikni men boshqa uchratmasam kerak. Onam - Marg'uba opa Rahimova ,
men uchun hammadan ko'p qayg'uradigan, irodasi mustahkam, juda mehribon
va oqila ona. Meni har vaqt tushunadigan va men tomon bo'ladigan inson. Akam - Anvar Rahimov, juda oddiy va juda aqlli inson. Ukam - Nodir Rahimov, hamisha yonimda va men fahrlanadigan, suyanadigan inson. Kelin oyim - Dilbar Rahimova, pazanda va juda ibratli kelin. Jiyanim - Mavzurxon Rahimov, uyimiz quvonchi va baxti.
Gapirsam gap ko'p. Hayotim ham qiziqarli voqealarga, dardu-hasrat,
quvonch va baxtga to'la. Men hamisha o'zimga va iymonimga suyanganman.
Bilamanki, hayotda hech narsa tasodifiy emas. Bir narsaga, biror narsa
sabab bo'ladi. Ertangi kun bugundanda nurli bo'lishiga ishonaman.
Aniqki, siz o'zingizga ne yaxshilikni tilasangiz, atrodagilarga ham
shuni ravo ko'rsangiz, Alloh sizga baxtingizni beradi. Men uchun qo'shiq bu suv va havo, hayot demakdir.
U orqali men dilimdagini oshkor aytaman. Agar san'atim orqali sizga
ozmi-ko'pmi mehr ulashayotgan bo'lsam men maqsadimga yetdim.
Sardor Rahimxon bilan intervyu
- Sardor, "Ishonmasman” qo’shig’ingiz
qisqa vaqt ichida el og’ziga tushdi. Qo’shig’ingizning shu darajada hit
bo’lishini kutganmidingiz? - Yo’q, kutmagan edim. Lekin
shunday bo’lishini juda ham xohlaganman. Orzu qilganman. Bu, balki,
o’sha 9 oy davomida qilingan mehnatning, ehtimol, o’z ishining
ustalari(Oxunjon Hakimov sh’eri, Iqbol Muhammadjonov musiqasi,
Jakhongir.uz aranjirovkasi) qilgan mehnatning samarasidir. Chunki,
o’ylashimcha, qo’shiqning muvaffaqiyatli bo’lishiga birgina xonandaning
mehnati kifoya emas. Qo’shiq butun bir ijodiy guruhning yakdilligi
mevasidir. - Bu qo’shiq 2005 yil yanvar oyida tayyor bo’lgan ekan. Nega qo’shiq premerasi bu qadar cho’zilib ketdi?
- Bu menga bog’liq bo’lmagan ba’zi sabablarga borib taqaladi. Bularni
aytib o’tirishim shart emas. Lekin shu o’tgan muddat faqat mening
foydamga hal bo’ldi, deb o’ylayman. Boisi, mana shu vaqt mobaynida
xatolarim ustida ishladim. "Ishonmasman” qo’shig’ining nolasini o’zimga
singdirishga, yurakka joylashga harakat qildim. Bu esa qo’shiq
muvaffaqiyatiga poydevor bo’ldi. -
"Ishonmasman” yangradi-yu, Sardor Rahimxon kerakli odam bo’lib qoldi.
Avvallari sizni tan olmagan insonlar ham hozir atrofingizda… -
Bu narsani men tabiiy holat deb bilaman. Va bu narsa vaqtinchalik
ekanini ham tushunaman. Bugungi mashhurligimdan kelib chiqib, ertangi
kunimni belgilamayman. Chunki bu o’tkinchi! Har doim ham bu darajadagi
hit qo’shiqlar yaratavermasligimni ham bilaman. Odamlar e’tiborida
ekanman, har bir qadamimni o’ylab bosishim, muxlislarim ishonchini
oqlashim, ular mendan kutayotganlarini qo’ldan kelgancha yetkazib
berishim kerakligini ham tushunib turibman. -
"Vodiy sadosi” radiosining "Milliy hit-parad” dasturida besh hafta
peshqadamlik qilibsiz, bu tahsinga loyiq, albatta. Lekin "Sardor
Rahimxon hit-paradlarda g’olib bo’lish uchun tanish-bilishlarini ishga
solar ekan”, degan gaplar ham yuribdi. Siz bunga qanday qaraysiz?
- Shirin G’ofurova bilan shu hit-paradda birinchi o’rinni
egallaganimdan so’ng tanishdim. Qolaversa, bu hit-paraddagi SMSlar butun
O’zbekiston bo’yicha qabul qilinadi. Bilishimcha, menga yo’llangan SMS
ovozlarning 95%i viloyatlardan ekan. Demak, hech qanday
tanish-bilishchilikka o’rin yo’q. Toshkentlik bo’lganim uchun ham bu
meni juda quvontiradi. Ayniqsa, Vodiyda "Ishonmasman” qo’shig’i "Yil
qo’shig’i” deb tan olinganida boshim osmonga yetdi. -
"Ishonmasman” taronasining klipi qo’shiq ommalashib ketganidan so’ng
suratga olindi. Demak, qo’shiq muvaffaqiyati klipga bog’liq emas
ekan-da? - Ha, to’g’ri! Boshida klipni suratga olishga
mablag’im bo’lmadi. Aslida niyatim qo’shiq va klipni bir vaqtda ham
radio, ham TVga berish edi. Qo’shiq muvaffaqiyati klipda, reklama uchun
sarf qilingan pulda yoki tanish-bilishda emasligini endi tushunib
yetdim. - SMS… Bu atama sizga boshqalardan ko’ra ko’proq mazmunni anglatadi chog’i?
-Albatta. Men suratga tushayotgan kinofilmning qisqacha nomi ham –
"SMS” ("Sen meni sevasanmi?”). Filmda bosh rolni ijro etyapman. Bu
kinoda suratga tushishimning asosiy sababi, bu scenariy va professional
suratga olish guruhi yig’ilganligi. Film iste’dodli aktyor Sohib
Abbosxonning ilk rejissorlik ishi. Bilmadim, bu qarorim qanchalik
to’g’ri bo’ldi. Lekin shu paytgacha menga hech pand bermagan yuragimga
quloq soldim. Albatta men professional aktyor emasman. Ammo hammasi
yaxshi bo’lishi uchun bor kuchimni ishga solyapman. Aytmoqchi,
muxlislarlarim intizorlik bilan kutgan yangi qo’shiqlarim ham aynan shu
filmda ikkita asosiy saundtrk bo’lib yangraydi. - Filmning voqeliklariga ham ozgina to’xtalib o’tsangiz…
- Qahramonimning ismi – Baxtiyor. Kinoning asosiy g’oyasi muhabbat,
do’stlik, xiyonat, vafo, sodiqlik, sotqinlik, va ona mehri. Albatta
suratga olish jarayonida menga o’z ishining ustalari bo’lgan aktyorlar,
jumladan, Saida Rametova yordam beryaptilar. Kino bu qadar qiyin va
mashaqqatli ish ekanligini men endi his qilyapman. Bir yarim soat ichida
ko’z oldimizdan o’tib ketadigan voqea-hodisalar aslida juda katta
umidlar, ijodiy guruh, mablag’ va mehnatning samarasi ekanligini biz
oddiy tomoshabinlar bilmas ekanmiz. Yoshligimda o’zimni aktyorlikda
sinab ko’raman, deb orzu qilganman. Xudodan so’rayman, bu qadam ham
qutlug’ bo’lsin. - "Tarona-2006”da nomzodgina bo’lib qolib ketishdan cho’chimadingizmi?
- Men bu mukofotni olmaslikka tayyor edim. Albatta niyat qilganman
olishni. Biroq bu bo’lmay qolsa, bu men uchun hayot va mamot masalasi
emas edi. Chuki, bu narsani men emas, balki, xalqning fikri va hay’at
a’zolarining ovozi hal qiladi. Men ularga ishonardim. Qolaversa,
muxlislarim mehr-muhabbatiga… - Mana
siz san’atga kirib keldingiz. Odamlarga bo’lgan fikringiz-munosabatingiz
o’zgarmadimi? Umuman o’zingizda biror narsa o’zgarganini his
etdnigizmi? - Birinchi navbatda borimni qadrlashga
o’rganyapman. Oilam, yaqinlarim qanchalik menga kerak ekanliklarini his
qilyapman. Odam qanchalar tuban va naqadar buyuk bo’lishlari mumkin
ekanligini ham ko’rmoqdaman. Shukurki, oxir-oqibat, hammasi yaxshilik
bilan tugaydi. Asosiysi, ko’ngilni pok qilish kerak ekan. Sevishdan,
atrofdagilarga ezgulikni ravo ko’rishdan cho’chimaslik kerak. -
Bugun "Ishonmasman”ni tinglashyapti. Ertagachi? Birdaniga ko’tarilgan
reytingiz kutilmaganda tushib ketishidan cho’chimaysizmi? -
Yo’q, shunday bo’lmasligi uchun astoydil, g’ayrat bilan yangi qo’shiqlar
tayyorlayapman. Ozmi-ko’pmi muxlislarim, yaqinlarim bor. Ular meni
qo’llab turishadi. Ularning borligi menga intilish va ilhom
bag’ishlaydi. - Yaxshi kunlaringiz uchun kimda minnatdorsiz?
- Meni voyaga yetkazgan ota-onamdan, men uchun jonini ham berishga
tayyor bo’lib turgan do’stim Ulug’bekdan, menga otamdek bo’lib qolgan
Oybek aka Alievdan, o’zlarining beminnat yordamlarini ayamayotgan Feruza
opa Nodirovadan, "Pan Terra Studio”dan, meni baxtli ko’rishni
istayotgan har bir odamdan va meni yashash uchun undayotgan
g’animlarimdan…
|