XATO
Nazira bilan bekatda tanishib qoldik. Avtobus ancha
kechikib kelgani bois u boshidan o'tgan voqealarni aytishga, men esa
eshitishga ulgurdim. Boshida uncha qiziqmadim, ammo u mendan xuddi najot
kutayotganday edi.
Shuning uchun fikrini bo'lmadim, ortiqcha savol ham
bermadim.
– Asli farg'onalikman, — deya so'z boshladi u. —
Maktabni tugatgach, shifokor bo'lishni orzu qilardim. Yaxshi
tayyorgarlik ko'rib, o'qishga kirdim. Uchinchi kursning o'rtalarida
boshqa guruhdagi Iskandar ismli yigit har kuni yo'limni poylaydigan
bo'lib qoldi. Qisqasi, u bilan tanishib, bir-birimizga ko'ngil qo'ydik.
Kunlardan bir kuni u meni o'rtog'ining tug'ilgan kuniga
taklif etdi. Mana shu tug'ilgan kun hayotimdagi xatolarning ibtidosi
bo'ldi. Darsdan so'ng, u bilan belgilangan joyda uchrashdik. Bozordan
gul xarid qildik. O'rtog'ining uyi shaharning chekkasida ekan,
qidirib-qidirib, zo'rg'a topib bordik. Shu kuni hayotimda birinchi bor
spirtli ichimlik ichishim edi. Shuning uchunmi, tezda boshim aylanib,
garangsib qoldim. Ko'chaga chiqib taksi yolladik.
Mashinaga chiqqanimni arang eslayman. Qancha yo'l yurdik
bilmayman, bir mahal o'zimga kelib qarasam, ikki tomoni yaydoq uzun
yo'ldan ketib borayapmiz.
Tush ko'rayotgandek seskanib ketdim. Undan qayoqqa
ketayotganimizni so'radim. U esa: "Xotirjam bo'l, seni ota-onam bilan
tanishtirgani olib ketayapman", dedi beparvolik bilan. Mashinani
to'xtatib tushib qolmoqchi bo'ldim, ammo buning iloji yo'q edi. Ne
azobda uyiga etib keldik...
Ko'p o'tmay to'yimiz bo'lib o'tdi. Taqdirga tan
berishdan boshqa ilojim yo'q edi. Garchi qarindosh-urug'larim oldida
yuzim shuvut bo'lgan bo'lsa-da, hayotimiz yaxshi bo'lib ketadi, deb
o'zimni ishontirdim. Ota-onalarining ham muomalasi yaxshi edi. Oradan
bir oy o'tar-o'tmas, turmush o'rtog'imning giyohvandligini bilib qoldim.
Har kech uyga bir ahvolda kelar, ko'zlari qonga to'lgan ko'yi duch
kelgan kishisini urib-so'kar, qo'liga ilingan buyumni derazadan
uloqtirardi.
Shu ahvolda bir yil yashadik, davolatish uchun qilgan
harakatlarimiz zoe ketdi. Ro'zg'orda hech vaqo qolmadi. O'ylab-o'ylab
qo'ni-qo'shnidan qarz-havola qilib, Toshkentga jo'nadim. Bir ayolning
uyida ijarada turdim. Shu atrofdagi kafelardan biriga ishga kirdim. Buni
qarangki, u ortimdan qidirib Toshkentga ham keldi. Men turgan uyga
kelib birga yashayman, dedi. Uy bekasi qarshilik qilmadi. Bir-ikki
kundan keyin ichib kelib janjal ko'targach, uy egasi ikkalamizni ham
ko'chaga quvib soldi. Ijaraga boshqa uy topdim. Vodiydan ota-onamni
chaqirtirib, undan ajratib olishlarini yolvorib so'radim. Ular
ohu-nolamga chiday olmay sud orqali ajratib olishdi. Mana,
ajralganimizga ikki oydan oshsa hamki, u meni hanuz tinch qo'ymaydi.
Keyingi paytlarda faqat undan qo'rqib, pisib yashayapman. Qanday qilsam
to'g'ri yo'l tutgan bo'laman? Siz nima deb maslahat berasiz, opa?
— Vodiyga, ota-onangizning yoniga qaytib ketsangiz
bo'lmaydimi? Ehtimol, o'sha erda bu sargardonlikning chorasi topilar.
— Borolmayman. Shundoq ham u erda meni "bir yigit bilan
qochib ketgan" degan gap-so'z tarqalgan. Boshim qotgan, kim bu yo'lda
menga to'g'ri maslahat beradi?
Naziraning hikoyasini eshitib, avvaliga unga rahmim
keldi. Ammo uning boshidan o'tganlarini mulohaza qilib, ko'nglimdan,
nahotki, ikki yil bir institutda o'qib, Iskandarning kimligini bilmagan
bo'lsa, degan savol o'tdi. Bilmayin bosdim tikonni, tortadurman jabrini
deb shunga aytsalar kerak-da.
Hulkar MAMATMURODOVA
|