Internetning yaratilishi bilan dunyo yanada yorqinroq va yaqinroq
bo‘la boshladi. Endilikda kishilar gazeta o‘qishdan ko‘ra
veb-sahifalarni titishni afzal ko‘ra boshladi. Avvallari xat-xabar
almashishda qog‘ozlardan foydalanilgan bo‘lsa, hozirda oddiygina
elektron pochta yordamida buni amalga oshirish mumkin. Biz bugungi kunda
Internetda kino ko‘rishimiz, biznes yuritishimiz, tovar va xizmatlarni
xarid qilishimiz mumkin.
Xo‘sh, bularning barchasi kimlarning xizmati evaziga amalga oshdi?
Kimlar Internetni bugungi ko‘rinishgacha olib keldi. Quyida bu haqda
to‘xtalib o‘tamiz.
1-2. Vint Serf va Bob Kan (Vint Cerf and Bob Kahn)
Internet otasi
Vint Serf va Bob Kan
birgalikda Internetda kompyuterlarni bir-biriga bog‘lanishini nazorat
qilivchi TCP/IP (Transmission Control Protocol/Internet Protocol)
jamlanmasini yaratishgan.
3. Tim Berners-Li (Tim Berners-Lee)
WWW asoschisi
Tim Berners-Li Xalqaro o‘rgimchak to‘ri
(World Wide Web)ni yaratgan. U lik marta mijoz va server o‘rtasidagi
aloqa, ya’ni gipermatnni yozgan. Bugungi kunda u veb-standartlarni
yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda
u Xalqaro o‘rgimchak to‘ri konsorsiumi (W3C – World Wide Web
Consortium) direktori hisoblanadi.
4. Rey Tomlinson (Ray Tomlinson)
E-mail otasi
Dasturchi Rey Tomlinson
ilk marta dunyoning turli nuqtalarida joylashgan elektron mashinalar
o‘rtasida xabar almashish imkoniyatini yaratdi. U elektron pochta
manzillarini ifodalash uchun "@” belgisini o‘ylab topgan. Bugungi kunda
har kuni milliardlab kishilar "@” belgisini ishlatadi.
5. Maykl Xart (Michael Hart)
Elektron kitoblarning paydo bo‘lishi
Maykl Xart
kishilar o‘rtasida savodsizlikni kamaytirish maqsadida elektron
kitoblarni yaratishni boshlagan. U Gutenberg loyihasining asoschisi
hisoblanadi va mazkur loyiha dunyodagi ilk elektron kutubxona sifatida
e’tirof etiladi.
6. Geri Tyurk (Gary Thuerk)
Ilk e-mail spami
Spam – bu, eski marketing usullaridan biridir. Geri Tyurk
ilk marta xaridorlarga ommaviy electron xabar jo‘natgan shaxs
hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, o‘shanda u ilk spamni yaratganligini
hatto bilmagan ham ekan.
7. Skott Falman (Scott Fahlman)
Ilk smaylik
Skott Falman
ilk marta ASCII-belgili smaylikni yaratgan shaxs hisoblanadi. U hazil
tariqasida yozilgan xabarlarni jiddiy xabarlardan farqlash uchun bunday
"kulgich”lardan foydalangan. Bugungi kunda har birimiz smayliklardan
messenjer dasturlarida, turli onlayn-suhbat, ya’ni chatlarda hamda
elektron pochtalarda foydalanamiz.
8. Mark Andressen (Marc Andreessen)
Netscape Navigator
Mark Andressen Internet-navigatsiya borasida inqilob qildi. U ilk marta foydalanuvchilar tomonidan keng qo‘llanilgan Mosaic nomli veb-brauzerni ishlab chiqdi. Keyinchalik u Netscape Navigator nomi ostida tijoriy maqsadlarda qo‘llanila boshlandi. Hozirda Mark Andrissen Ning kompaniyasining asoschilaridan bir va uning direktori hisoblanadi. Bundan tashqari u Digg, Plazes va Twitter kabi internet-loyihalarda o‘z ulushiga ega.
9. Yarkko Oykarinen (Jarkko Oikarinen)
Internet Relay Chat, IRC
Yarkko Oykarinen ilk marta Finlandiyada Internet Relay Chat
deb nomlangan onlayn-chatga asos solgan. IRC ning mashhurligi
1991-yilga kelib o‘z nihoyasiga yetdi. Iroq davlati Quvaytni bosib
olgandan so‘ng radio va televideniye signallari uzilib qoldi. Biroq IRC
yordamida so‘nggi axborotlarni tarqatib turildi.
10. Robert Tappan Morris (Robert Tappan Morris)
Ilk "chuvalchang” virusi
Chuvalchang virusi (inglizcha, worm virus) g‘oyasi odatiy
xakerlik faoliyatidan tubdan farq qiladi. Bunda siz tarmoqqa kirish
o‘rniga kichkinagina dasturchani yuborsiz va u o‘ziga "yuklatilgan”
vazifani bajaradi. Ushbu g‘oya asosida Robert Tappan Morris
"Morris chuvalchangi” (Morris Worm)ni yaratdi. Bu virus internetda
tarqalgan eng birinchi viruslardan bo‘lib, u minglab dollar "zarar”
keltirishga muvaffaq bo‘lgan.
11. Devid Boxnett (David Bohnett)
Geocities
Devid Boxnett 1994-yilda Jon Rezner (John Rezner) bilan birgalikda GeoCities
saytini tashkil qilgan. Ushbu loyiha o‘z davrida Internetdagi eng yirik
hamjamiyatga aylanishga muvaffaq bo‘lib, uning yordamida ilk marta har
bir foydalanuvchi o‘zi uchun bepul veb-sahifa ochish imkoniyatiga ega
bo‘lgan. Biroq, kompaniya 2009-yilning 27-oktabrida o‘z faoliyatini
to‘xtatdi.
12. Uord Kanningem (Ward Cunningham)
Ilk Wiki
Amerikalik dasturchi Uord Kanningem
onlayn-sahifalarni birgalikda ishlab chiqish, yaratish va tahrir qilish
maqsadida ilk "wiki”ni ishlab chiqdi. Hozirda tez-tez qo‘llaniladigan
"wiki” so‘zi gavayiliklar tilida "tezkor” ma’nosni beradi.
13. Sabir Bxatiya (Sabeer Bhatia)
Hotmail
Sabir Bxatiya veb-sahifalarni yozish uchun ishlatiladigan til – HTML qisqartmasi asosida Hotmail (undosh harflar – html) bepul elektron pochta xizmatiga asos solgan. Keyinchalik Microsoft kompaniyasi uni 400 mln. $ ga sotib olgan.
14. Mett Draj (Matt Drudge)
Draj hisoboti
Mett Draj ilk
marta yangiliklarni jamlovchi veb-saytga asos solgan. Mazkur sayt ba’zi
yangiliklarni birinchi bo‘lib saytga qo‘yishni boshlagandan so‘ng omma
o‘rtasida mashhur bo‘lib ketgan.
15-16. Larri Peyj va Sergey Brin (Larry Page and Sergey Brin)
Google
Larri Peyj va Sergey Brin
birgalikda Internetda qidiruv xizmatini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Ular tashkil qilgan kompaniya yildan-yilga tanilib bordi. Boshlanishida
ular kompaniyani o‘z mablag‘lari evaziga tashkil qilishgan edi. Hozirgi
paytga kelib Google internet-korporatsiyasi yiliga milliardlab dollar foyda keltirmoqda.
17. Bill Geyts (Bill Gates)
Microsoft
Bill Geyts "Micro-Soft” deb nomlangan dastur ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos solgan edi. U shaxsiy kompyuterlar uchun Windows operatsion tizimini ishlab chiqdi. Bugungi kunda Bill Geyts o‘z oldiga qo‘ygan "har bir stol ustida bittadan kompyuter” degan missiyasiga erishdi, desak xato qilmaymiz.
18. Stiv Jobs (Steve Jobs)
Apple
Stiv Jobs shaxsiy kompyuter innovatsion g‘oyasi asosida inqilob qilishga erishdi. Apple kompaniyasi asoschisi hayot tarzimizga o‘xgacha kayfiyat olib kirdi. Bugungi kunda har kim iPhone smartfonidan, iPod pleyeridan, iPad planshetidan foydalanishni xohlasa kerak.
19-20. Devid Filo va Jerri Yang (David Filo and Jerry Yang)
Yahoo
Devid Filo va Jerri Yang birgalikda Yahoo!
ni boshlashgan. Ayni paytda Yahoo kishilarning bir-biri bilan aloqa
qilishlari, ma’lumot izlash va narsalarni sotib olish uchun
mo‘ljallangan universal brendga aylangan. Yahoo! nomi "Yet Another Hierarchical Officious Oracle”
("yana bir iyerarxik tashkil qilingan norasmiy Oracle”) iborasidagi
so‘zlarning bosh harflaridan tuzilgan. Biroq, Filo va Yang "yahoo”
so‘zining umumiy ma’nosi – "qayta ishlanmagan, haqiqiy, xomaki”
ma’nolarini yoqtirganliklari uchun kompaniyaga shunday nom berganligini
ta’kidlaydilar.
21. Bred Fispatrik (Brad Fitzpatrick)
LiveJournal
Bred Fispatrik ilk blog yuritish platformalaridan biri hisoblangan LiveJournal saytini yaratgan. U Internetda "bradfitz” nomi ostida tanilgan. Bundan tashqari u bugungi kunda LiveJournal, Facebook va YouTube
kabilarda qo‘llaniladigan bir necha bepul tarqatiluvchi dasturlarning
ham muallifi hisoblanadi. Hozirda LiveJournal onlayn-kundalik, ya’ni
blog yuritish uchun mo‘ljallangan onlayn hamjamiyat hisoblanadi.
22. Shon Fenning (Shawn Fanning)
Napster
Shon Fenning musiqaga qiziquvchilar uchun qo‘shiqlarni topish va sotib olishga mo‘ljallangan markazlashmagan fayl-almashinuv tizimi – Napster
ga asos soldi. Bunda foydalanuvchilar boshqalar bilan baham ko‘rishni
xohlagan har qanday faylni o‘zlarining kompyuterlaridagi maxsus
katalogga joylaydilar va Napster tizimi orqali foydalanuvchilar ushbu
fayllarni ko‘chirib olishlari mumkin. Mazkur tizim 2001-yilda o‘zining
eng cho‘qqisiga chiqqan edi. O‘shanda qariyb 25 million kishi undan
foydalanar edi. Biroq, keyinchalik bir qator sud da’volari natijasida
tizim faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Napster o‘z brendini yangiladi va
Roxio kompaniyasi tomonidan sotib olindi.
23. Petr Til (Peter Thiel)
PayPal
Petr Til PayPal bilan bog‘liq veb-avliyolardan biri hisoblanadi. PayPal
kishilarga masofadan turib bir-birlariga pul o‘tkazish imkoniyatini
yaratib berdi. Piter Til 31 yoshida PayPal to‘lov tizimiga asos soldi va
oradan 4 yil o‘tib uni eBay ga 1,5 mlrd. $ ga sotgan.
24. Pyer Morad Omidyar (Pierre Morad Omidyar)
eBay
Pyer Omidyar
sotuvchi va xaridorlarni bir yerga yig‘gan holda onlayn-do‘konga asos
soldi. U o‘ziga yarasha auksion imperiyasini yaratdi. Uning fikricha,
birovning eski narsasi kim uchundir xazina hisoblanadi. Hozirda eBay onlayn-auksionida foydalanuvchilar "eski” buyumlarni sotish yoki sotib olishlari mumkin.
25. Jimmi Uels (Jimmy Wales)
Wikipedia
Jimmi Uels har
kim osonlikcha tahrir qilishi mumkin bo‘lgan maqolalardan iborat
dunyodagi eng yirik ensiklopediyaga asos soldi. Mazkur ochiq
ensiklopediya 2001-yilda ishga tushgan bo‘lib, hozirda u ma’lumot
izlovchilar uchun Internetdagi asosiy manba bo‘lib qoldi.
26-27. Styuart Batterfild va Katerina Feyk (Stewart Butterfield and Caterina Fake)
Flickr
Kishilarning o‘zlari olgan suratlarini Internetda boshqalar bilan baham ko‘rishi odatiy holatga aylanib ulgurdi. Styuart Batterfild va turmush o‘rtog‘i Katerina Feyk birgalikda Web 2.0 asosida ishlovchi Flickr
saytiga asos soldi. Endilikda foydalanuvchilar Internetda ham o‘z
foto-albumlariga ega bo‘lishi mumkin bo‘lib qoldi. Keyinchalik, Flickr
2005-yilda Yahoo! tomonidan sotib olindi.
28. Jonatan Abrams (Jonathan Abrams)
Friendster
Jonatan Abrams do‘sti Kris Emanuel bilan birgalikda uchrashuvlarni tashkil qilishga yordam beruvchi Friendster saytiga
asos soldi. Bunda u Match.com g‘oyasidan foydalangan. Sayt a’zolari
yoqtirgan film, kitoblarini ko‘rsatgan holda o‘z profillarini
yaratadilar va uni do‘stlariga yuboradi. Jarayon shu tarzda davom etadi.
29. Niklas Zennstrom (Niklas Zennstrom)
Skype
Niklas Zennstrom tarixda Skype
nomi bilan atalgan tezkor aloqa tizimiga asos soldi. Uning yordamida
butun dunyo bo‘ylab Internet foydalanuvchilari o‘z kompyuterlaridan
boshqa bir kompyuterga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Keyinchalik Skype
taklif qiladigan xizmat turlari ko‘payib, endilikda shaxsiy kompyuterdan
mobil telefonlarga ham qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
30. Brem Koen (Bram Cohen)
BitTorrent
Napster ilk marta fayl-almashinuv tizimini yaratgan bo‘lsa, Brem Koen fayl-almashinuv tizimining qiyofasini o‘zgartirgan holda BitTorrent protokoliga asos soldi. U "Oltin qoida” tamoyiliga amal qiladi: qanchalik tez fayl yuklasang, shunchalik tez ko‘chirib olasan (the faster you upload, the faster you are allowed to download).
BitTorrent faylni bir necha kichik bo‘lakchalarga bo‘lib tashlaydi va
har bir foydalanuvchi bitta bo‘lakka "egalik qiladi”. Kimdir uni
ko‘chirib olmoqchi bo‘lsa, mazkur bo‘lakcha egalari turli nuqtalardan
uni foydalanuvchiga yetkazib beradi.
31. Reyd Xoffman (Reid Hoffman)
LinkedIn
PayPal kompaniyasining sobiq vitse prezidenti Reyd Xoffman professional ijtimoiy tarmoq – LinkedIn
ga asos soldi. Sayt a’zolari uning yordamida ish qidirishi, rezyume
joylashi, ishga qabul qilishlari va yana bir qancha amallarni
bajarishlari mumkin.
32. Mett Mullenveg (Matt Mullenweg)
WordPress
Mett Mullenveg dunyoda eng ko‘p foydalaniladigan ochiq kodli blog yuritish platformasi – WordPress ga asos soldi. Bugungi kunda ko‘plab mashhur blog-saytlar, jumladan TechCrunch, Huffingtonpost, Mashable va boshqalar WordPress platformasi asosida ishlaydi.
33-34-35. Chad Xerli, Stiv Chen va Javed Karim (Chad Hurley, Steve Chen, and Jawed Karim)
YouTube
Chad Xerli, Stiv Chen va Javed Karim
birgalikda PayPal kompaniyasida ishlagan. Keyinchalik ular hozirda
kuniga turli mavzularga oid 100 millionlab qisqa videolarni ommaga
taqdim qilayotgan dunyoning eng mashhur video-xostingi – YouTube
saytiga asos solishgan. Ular saytni ishlab chiqishda o‘z
qobiliyatlariga qarab vazifalarni taqsimlab olishgan. Xususan, Chad
Xerli sayt interfeysi va logosini ishlab chiqqan bo‘lsa, Stiv Chen va
Javed Karim sayt ishlashi uchun texnik majburiyatlarni o‘zaro bo‘lib
olishgan. Keyinchalik esa, ular boshqaruv jarayonini ham bo‘lib
olishgan. Chad Xerli bosh ijrochi direktor (CEO), Stiv Chen – bosh
texnologik direktor lavozimlarini egallagan. Bundan 1,5 yil o‘tib
internet-giganti Google 1,65 mlrd. $ evaziga YouTube saytini sotib oldi.
36. Kreyg Nyumark (Craig Newmark)
Craigslist
Kreyg Nyumark reklama e’lonlarini tasniflovchi Craigslist
deb nomlangan sayt tashkil qildi. Bu voqea barchaga bepul e’lon berish
imkoniyatini yaratganligi uchun gazeta nashriyotlarining xavotiriga
sabab bo‘ldi. Hozirgi kunda ushbu sayt reklama e’lonlarining
onlayn-bazasiga aylangan.
37. Julian Assanj (Julian Assange)
WikiLeaks
Julian Assanj dunyo bo‘ylab o‘g‘rilangan maxfiy ma’lumotlarni tarqatuvchi WikiLeaks
saytiga asos soldi. Xatto u ma’lumotni o‘g‘irlagan kishilarning nomi
tarqab ketmasligining oldini olish maqsadida kuchli dastur ham ishlab
chiqdi. Natijada, saytga qo‘yilgan ma’lumotlarni Assanjga kim va qachon
berganligini bilish nihoyatda qiyin bo‘lib qoldi.
38. Dik Kostolo (Dick Costolo)
FeedBurner
Kishilar har kuni o‘zlari yoqtirgan saytga tashrif buyuradi va saytga
yangi kiritilgan xabarlarni o‘qishga qiziqadi. Buni hisobga olgan Dik
Kostolo turli saytlardagi yangiliklarni bir yerga yig‘uvchi agregator – FeedBurner texnologiyasini ishlab chiqdi. RSS (inglizcha, Really Simple Syndication)
yordamida siz bir necha saytlardagi yangiliklarni o‘zingiz yoqtirgan
joyga – elektron pochta, brauzer va boshqalarga jamlashingiz mumkin.
Keyinchalik, Google internet-korporatsiyasi 2007-yilda FeedBurner ni sotib oldi. Ayni paytda Dik Kostolo Twitter ijtimoiy tarmog‘ida bosh operatsion direktor (COO) vazifasida ishlamoqda.
39. Mark Sukerberg (Mark Zuckerberg)
Facebook
Mark Sukerberg universitet talabalariga bir-birlari bilan aloqada bo‘lib turishlari uchun yordam berish maqsadida Facebook
ijtimoiy tarmog‘ini yaratdi. Keyinchalik ushbu platform butun dunyo
bo‘ylab tarqaldi va omma o‘rtasida juda mashhur bo‘lib ketdi. Ayni
paytda Facebook a’zolari soni 550 million kishiga yetdi. Amerikaning
mashhur TIME jurnaliga ko‘ra, Mark Sukerberg 2010-yilda "yil kishisi”
("Person of the Year”) deb topildi.
40. Jek Dorsi (Jack Dorsey)
Twitter
Jek Dorsi mikroblog yuritish uchun Twitter
platformasini yaratdi. Bunda foydalanuvchilar o‘zlarining nima
qilayotganliklarini, oila a’zolariga qayerda ekanliklarini bildirish,
o‘z fikrlarini boshqalar bilan o‘rtoqlashish uchun 140 belgidan ortmagan
xabar qoldirishlari mumkin. ayni paytda Twitter mashhur sport
yulduzlari, pop-yulduzlari uchun muxlislari bilan muloqotda bo‘lish,
biznesmenlar, kompaniyalar uchun o‘zlarini reklama qilishga yordam
beruvchi mo‘jazgina makonga aylanib qolgan.
Yuqoridagi ro‘yxatga kiritish mumkin bo‘lgan yana 3 kishi:
41. Kristofer Pul (Christopher Poole)
4chan
Kristofer Pul 4chan deb nomlangan xabarlar doskasiga asos soldi. Boshqa onlayn-forumlardan farqli o‘laroq, 4chan tizimida xabar qoldirish uchun ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi. Kristofer Pul Internet olamida "Moot” nomi bilan tanilgan.
42. Joshua Shaxter (Joshua Schachter)
Delicious
Joshua Shaxter Internet foydalanuvchilariga o‘zlari yoqtirgan veb-sahifalarni boshqalar bilan ham baham ko‘rishlari uchun yordam beradigan del.icio.us saytini ishlab chiqdi. Keyinchalik u Yahoo! tomonidan sotib olingan.
43. Jeff Bezos (Jeff Bezos)
Amazon
Jeff Bezos dunyodagi eng katta onlayn-do‘konga asos soldi. Dastlab u Cadbara Inc. deb nomlangan va keyinchalik Amazon.com
ga o‘zgartirilgan. Mazkur internet-do‘kon yordamida endilikda
iste’molchilar uylaridan tashqariga chiqmay turib har qanday turdagi
mahsulotni sotib olishlari mumkin. Kompaniya tomonidan ishlab
chiqarilgan Kindle bukrideri esa kitobxonlarning yoqimtoyiga aylanib ulgurgan.
|